6 noyabr kuni Vashingtonga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar strategik sheriklikni rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash hamda iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv avvalida prezident Shavkat Mirziyoyev Oq uyning faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi. Shundan so‘ng Oval xonada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi. Joriy yil sentabr oyida Nyu-York shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashinar ekan, tomonlar “S5+1” formatida Markaziy Osiyo va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanini tasdiqladi.
Davlat rahbari Donald Trampni ichki va tashqi siyosatdagi yutuqlari bilan tabriklab, xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan shaxsiy sa’y-harakatlarini alohida qayd etdi. AQSh prezidenti esa Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonda AQSh hukumati vakillari, yirik kompaniyalar hamda moliyaviy institutlar rahbarlari bilan samarali uchrashuvlarini olqishladi.
Yetakchilar qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun institutsional mexanizmlarni yaratish va takomillashtirish muhimligini ta’kidladilar. Uchrashuv yakunlarida prezident Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishiga taklif etdi.




kun.uz


