США Узбекистан

“S5+1” sammiti: Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashingtondagi Oq uyda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining “S5+1” formatidagi sammitida ishtirok etdi. Tadbirga AQSh prezidenti Donald Tramp raislik qildi.

Sammitda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi. Prezident Mirziyoyev “S5+1” mexanizmi 10 yil davomida mintaqaviy savdo, transport va energetika aloqalarini rivojlantirishda samarali platformaga aylanganini qayd etdi va bu galgi sammit strategik muloqotni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi

Davlat rahbari quyidagi tashabbuslarni ilgari surdi:

  • doimiy Kotibiyatni tashkil etish (ishlash joyi ishtirokchi davlatlarda navbatma-navbat joylashtiriladi);
  • davlat idoralari, kompaniyalar va moliya institutlari o‘rtasida tizimli muloqot uchun vazirlar darajasida Investitsiyalar va savdo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish;
  • “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamg‘armasini ishga tushirish;
  • Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bog‘laydigan yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarida AQSh bilan hamkorlikni faollashtirish;
  • muhim minerallarni izlash, qazib olish va chuqur qayta ishlash hamkorligini muvofiqlashtirish uchun Maxsus qo‘mita tuzish, tayyor mahsulotlarni global yetkazib berish zanjirlariga kiritish;
  • qishloq xo‘jaligini Amerika texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish maqsadida Mintaqaviy agrotexnologik innovatsiyalar sherikligini yo‘lga qo‘yish;
  • gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida AQShning yetakchi muzeylarida Markaziy Osiyo madaniy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish.

Prezident Shavkat Mirziyoyev navbatdagi “S5+1” sammitini Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif etdi. Tadbirda boshqa davlatlar rahbarlari ham nutq so‘zladi. Sammit yakunida ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilindi.

 

 

 

kun.uz

Добавить комментарий